Andijonda ota 10 ming AQSH dollarida aliment to‘ladi
Shu tariqa taraflar o‘zaro kelishuvga erishgan.

Ulug‘nor tumanida ota farzandi uchun 10 300 AQSH dollari miqdorida aliment pulini oldindan to‘lab berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudi buyrug‘iga asosan qarzdor S.A..dan undiruvchi M.R. foydasiga 2014 yilda tug‘ilgan bir nafar farzandi moddiy taʼminoti uchun aliment undirilishi belgilangan. Shunga muvofiq, Byuroning Ulug‘nor tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tegishli ijro harakatlari olib borilgan.
Jarayonda taraflar o‘zaro kelishganligini bildirib, ota farzandi voyaga yetgunigacha bo‘lgan aliment pullarini oldindan to‘lab berishini maʼlum qilgan.
Shunday qilib, qarzdor farzandi 18 yoshgacha bo‘lgan aliment to‘lovi evaziga 10 300 AQSH dollari, yaʼni 134 000 000 so‘m aliment pullarini undiruvchi M.R. ga bir yo‘la to‘lab berdi.







