Namangandagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq”da qizning sochi yonib ketdi
Buning ortidan maktab direktori ishdan olingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangandagi maktablardan birida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayramida gazli sharlar portlab, qizlarni sochi yonib ketgani aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holat yuzasidan Namangan viloyati MMTB Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur holat ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan va holat Chortoq tumanidagi 48–umumtaʼlim maktabida sodir bo‘lgani aniqlangan.
Mehnat kodeksiga ko‘ra, o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani, tashkilotda o‘rnatilgan ichki mehnat tartib qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi, o‘ziga yuklatilgan lavozim vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi va bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Shuningdek, maktabning MMIB direktor o‘rinbosarlari va sinf rahbariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.







