Toshkent viloyatida 5,3 milliard so‘mlik noqonuniy dorilar to‘xtatib qolindi
Dorilar mamlakatga kiyimlar orasiga yashirilgan holda olib kirilgan.

Toshkent viloyatida Rossiya va Qozog‘istondan noqonuniy olib kelingan umumiy qiymati 5 milliard 353 million so‘m bo‘lgan dorilar ushlab qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Yallama” chegara-bojxona postiga “qizil yo‘lak” orqali kirgan ikki “Gazel” rusumli yuk mashinasi bojxona nazoratiga yuborilgan. Biroq, bojxona xodimi mashinalarni belgilangan manzilga kuzatmasdan, ularni erkin harakatlanishiga yo‘l qo‘ygan. Haydovchilar esa yo‘nalishni o‘zgartirib, Yukori Chirchiq tumanidagi xonadonga borib, mashinada bojxona muhri buzilmagan holda 52 mingdan ortiq dorilarni tushirib ketgan. Ushbu dorilar orasida “Aktovegin”, “Kleksan”, “Remaksol” kabi 214 turdagi mahsulotlar bor edi.
Aniqlanishicha, bu dorilar mamlakatga kitob va kiyim-kechaklar orasiga yashirilgan holda olib kirilgan. Dori vositalari sifati kafolatlanmagan. Hozirda haydovchilar, xonadon egasi va boshqa gumondorlar ustidan JKning 182-moddasi 2-qismi “a” bandi asosida jinoyat ishi ochilgan. Bojxona xodimining harakatlariga ham huquqiy baho beriladi.







