IIB xodimlariga bo‘ysunmaganlik uchun jarima oshirilmoqda
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari (IIO) xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik uchun jarimalar miqdori oshiriladi.
Senatning yalpi majlisida so‘nggi vaqtlarda jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlayotgan IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holatlari ko‘paygani qayd etildi. Jumladan, 2021 yilda 56 ming, 2022 yilda — 88 ming, 2023 yilda — deyarli 89 ming, 2024 yilda esa — 85,3 ming holat qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda:
— IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) — 5 baravaridan 12 baravarigacha (1,875 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha, hozirda esa — 1 BHM);
— Maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida qayta huquqbuzarlik sodir etilsa — 12 dan 30 BHMgacha (4,5 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha maʼmuriy qamoq (hozirda — 15 BHM) qo‘llaniladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi va prezident imzosiga yuborildi.







