Misrdan O‘zbekistonga dori vositalari yetkazildi
Dorilar C gepatitiga qarshi qo'llaniladi.

O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan Misr davlatidan 2025-yildagi birinchi insonparvarlik yordami sifatida C gepatitiga qarshi dorilar O‘zbekistonga olib kelindi. Bu loyiha Prezidentning C gepatitini to‘liq davolashga oid tashabbusi doirasida amalga oshirildi.
Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida 114 829 AQSH dollariga teng bo‘lgan 7 440 dona Sofosbuvir - 400mg dorisi 31 ta qutida beg‘araz yordam tariqasida topshirildi. Ushbu dori vositalari 31-may kuni Sharm el-Sheikh—Toshkent aviareysi orqali yurtimizga yetkazildi.
Mazkur preparatlar O‘zbekistonda C gepatitiga qarshi 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy dastur asosida Virusologiya ilmiy-tekshirish institutiga topshiriladi. Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, 2023–2024-yillarda ham Misr hukumati tomonidan qiymati 1,4 million dollarga teng bo‘lgan 12,4 tonnalik 27 partiya dorilar O‘zbekistonga yetkazilgan. Mutaxassislar bir bemorning 3 oylik to‘liq davolanishi uchun 3 qadoq Daclatasvir va 3 qadoq Sofosbuvir kerakligini bildirgan.







