Rossiya-Ukraina harbiy asirlar almashinuvini rejalashtirmoqda
Harbiy asirlar almashuvi 7–9 iyun kunlari boshlanishi mumkin.

Rossiya 7–9 iyun kunlari Ukraina bilan yirik miqyosda harbiy asirlarni almashishga tayyor. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy TASS’ga bergan bayonotida ma’lum qildi.
“Biz har ikki tomondan taxminan 1200 kishini o‘z ichiga olgan almashuvni rejalashtiryapmiz. Bu, ehtimol, harbiy asirlar bo‘yicha eng yirik almashuv bo‘ladi. Rossiya 7, 8 va 9-iyun kunlari buning uchun to‘liq tayyor”, — dedi Medinskiy prezident Putin raisligidagi hukumat yig‘ilishida.
Unga ko‘ra, ustuvorlik yaradorlar, og‘ir kasallar hamda 25 yoshgacha bo‘lgan harbiy asirlarga beriladi. Hozirda paritet bo‘yicha yakuniy raqamlar muhokama qilinmoqda.
Avvalroq, 25-may kuni Istanbulda “1000 ga 1000” formulasi asosida mahbuslar almashinuvining yakuniy bosqichi o‘tkazilgan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi vakiliga ko‘ra, bu bosqich to‘liq amalga oshirilgan.







