Toshkentdagi Turkiya elchixonasi qoshida maktab quriladi
U Shayxontohur tumanida barpo etilishi rejalashtirilgan.

Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzurida maktab binosi barpo etiladi. Bu haqdagi qarorni Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov 2024-yil 5-iyun kuni imzolagan.
Hujjatga ko‘ra, Shayxontohur tumanidagi Ko‘hota MFY hududidan 0,31 gektar yer uchastkasi Turkiya maktabi binosini qurish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga doimiy foydalanishga ajratiladi.
Yer ajratilishi O‘zbekiston Yer kodeksining 36-moddasida ko‘rsatilgan holatlarga bog‘liq bo‘lib, sharoit o‘zgarsa qaror bekor qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 6-fevral kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Olgan Bekar Toshkent hokimi bilan uchrashib, turk maktabini kengaytirish, Turkiya birinchi prezidenti Otaturk nomini ko‘chaga berish va Turk bog‘ini tashkil etish bo‘yicha fikr bildirgan edi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistondagi turk maktabi 1993-yilda tashkil etilgan, 1998-yildan esa akademik litsey sifatida faoliyat yuritmoqda. U yerda faqat Turkiya fuqarolarining farzandlari Turkiya milliy o‘quv dasturi asosida tahsil oladi.







