Buxoroda o‘quvchining otasi uning sinfdoshlarini kaltakladi
Holat yuzasidan viloyat MMTB maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi 34-umumtaʼlim maktabida 4-sinf o‘quvchilaridan birining otasi sinf xonasiga kirib, bolalarni kaltaklagani va bu holatga sinf rahbar tomoshabin bo‘lib qarab turganligi aks etgan videolavha tarqaldi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlim boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, videolavhada aks etgan holat joriy yilning 30 aprel kuni sodir bo‘lgan. Shu kuni sinf o‘quvchilari ko‘chada o‘zaro janjallashib qolishadi va bolalardan biri o‘rtog‘ining otasiga qo‘ng‘iroq qilib, uning o‘g‘lini urishganini aytadi. Ota shu zahoti sinf xonasiga kelib, o‘g‘lini urgan bolalarni boshqalarning oldida kaltaklab ketadi.
Maktab rahbariyati tomonidan otaning noqonuniy xatti-harakati bo‘yicha tegishli huquq-tartibot idoralariga rasmiy murojaat qilingan. Shu bilan birga begona shaxsni maktabga bemalol kirishiga yo‘l qo‘ygan maktab qorovuli Sh.A bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
O‘z xizmat vazifasiga nisbatan masʼuliyatsizlik bilan yondashgan hamda yuzaga kelgan holatni nazoratsiz qoldirgan maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Sinf rahbari va maktab direktorining tegishli o‘rinbosarlari faoliyatini o‘rganish maqsadida ayni paytda xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda.







