“Rossiya O‘zbekiston notasini diqqat bilan o‘rganib chiqmoqda”
Migrantlarga kuch ishlatilishiga Zaxarova munosabat bildirdi.

“Rossiya tomoni O‘zbekiston notasidagi maʼlumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqmoqda va o‘zbekistonlik hamkorlarning tegishli so‘rovi vakolatli organlarga yetkazilmoqda. Olingan obektiv maʼlumotlar belgilangan tartibda Toshkentga yuboriladi”, dedi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.
Avvalroq O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burxonov Rossiyada o‘zbekistonlik fuqarolarni tintuv qilish va noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotganidan xavotirda ekani, shu munosabat bilan O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tushuntirish berishni so‘rab nota yuborgani haqida xabar bergan edi.
“O‘zbekiston elchixonasidan nota olingani munosabati bilan biz undagi maʼlumotlarni sinchiklab o‘rganmoqdamiz. Shuni taʼkidlashni istardimki, bizda huquq-tartibot va boshqa xizmatlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanallari mavjud. Ittifoqchilar o‘rtasidagi anʼanaga ko‘ra, suhbat samimiy bo‘lib, har qanday signal sinchkovlik bilan ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston tomonining yuqorida qayd etilgan so‘rovi bo‘yicha olingan maʼlumotlar vakolatli organlarga yetkaziladi”, dedi Zaxarova.







