Shavkat Mirziyoyev YETTB prezidenti bilan uchrashdi
Muloqotda strategik hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 iyun kuni Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: YETTBning O‘zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshdi. Joriy yilda yana 1,1 milliard yevro jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, uning katta qismi xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YETTBning faol ko‘magi bilan bank sohasini transformatsiya qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini taʼkidlab, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Suv taʼminoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.
Taʼlim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sunʼiy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Xorijiy investorlar kengashining bo‘lajak uchinchi majlisi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.







