Turkiyada ayol o‘simlik choyi sababli komaga tushdi
Ozish maqsadida o‘simlik Choyi ichgan ayol jigar yetishmovchiligiga uchragan.

Turkiyaning Aksaray shahrida yashovchi 24 yoshli Bushra ismli ayol ozish maqsadida o‘simlik choylaridan muntazam foydalanib, jigar yetishmovchiligiga uchragan va komaga tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bushra ba’zan kuniga to‘rt piyolagacha o‘simlik choyi ichgan, shu bilan birga og‘riq qoldiruvchi dorilarni ham qabul qilgan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, uning sog‘lig‘i yomonlasha boshlagan: qo‘llarida qizil dog‘lar, bo‘g‘im og‘riqlari, hushdan ketish holatlari paydo bo‘lgan.
Dastlab Aksarayda unga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan, ammo holati og‘irlashgani sababli u Antaliya Ta’lim va tadqiqot shifoxonasining transplantatsiya markaziga olib o‘tilgan. Boshida jigar fermentlari yuqori ko‘rsatkich bermagan bo‘lsa-da, sariqlik darajasi keskin oshgani aniqlangan.
Mos donor yo‘qligi sababli u favqulodda donor kutish ro‘yxatiga kiritilgan. Taxminan 24 soat ichida mos donor topilgan va unga zudlik bilan jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirilgan. Reanimatsiyadan so‘ng Bushraning ahvoli barqarorlashgan va u operatsiyadan uch hafta o‘tib uyiga chiqarilgan.
Bushra bu voqeadan so‘ng jurnalistlarga shunday dedi: “Ozish uchun ko‘k choy, jo‘ka choyi ichardim. Kuniga to‘rt martagacha ham ichgan vaqtlarim bo‘lgan. Bularni bozordan tayyor paket holida sotib olardim. Odamlar hamon bu mahsulotlarni ishlatishadi. Men bu choylardan yomon natija ko‘rdim. Endi hech kimga shifokor maslahatiga amal qilmasdan bu mahsulotlarni ishlatishni tavsiya etmayman”.
Turkiyalik shifokor va professor Arif Aslaner ushbu holatga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi: “Bemor ozishni istab, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan ‘dietologlar’ maslahatiga amal qilgan. Oddiy ko‘ringan o‘simlik choyi va qo‘shimchalar aslida jigar faoliyatini izdan chiqargan. Har qanday o‘simlik mahsulotini ishlatishdan avval mutaxassisga murojaat qilish shart”.







