Samarqandda ota farzandlari uchun alimentni oldindan to‘ladi
Mas’uliyatli ota farzandlarining 18 yoshgacha bo‘lgan alimentini to‘liq to‘ladi.

Samarqand shahrida yashovchi fuqaro farzandlarining moddiy ta'minoti uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan aliment pulini to‘liq oldindan to‘ladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yil 12-fevraldagi Samarqand shahar fuqarolik sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor S.D. voyaga yetmagan ikki nafar farzandi uchun sobiq turmush o‘rtog‘i Sh.A. foydasiga aliment to‘lashga majbur bo‘lgan.
Ota o‘z majburiyatini chuqur anglab, bolalari 18 yoshga to‘lguniga qadar belgilangan jami aliment summasini sobiq turmush o‘rtog‘i bilan kelishgan holda oldindan to‘lashga qaror qilgan va bu haqda MIBning Samarqand shahardagi bo‘limiga murojaat qilgan. Davlat ijrochisi tomonidan hisoblab chiqilgan 25 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ sobiq turmush o‘rtog‘iga to‘liq ravishda topshirilgan.








