O'zbekiston

“O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi: kino sohasida yangi islohotlar

Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi tashkil etiladi.

“O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi: kino sohasida yangi islohotlar

 

“Kinematografiya sohasiga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy qilish va “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–250-son, 2026-yil 21-noyabr) qabul qilindi.

 

Hujjatga ko‘ra, kinematografiya sohasiga zamonaviy boshqaruv modelini joriy etish, takrorlanuvchi vakolatlarni maqbullashtirish hamda milliy kinoindustriyani bosqichma-bosqich iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish asosiy maqsadlar etib belgilandi.

 

Shuningdek, “O‘zbekfilm” milliy kino brendini yaratish va ommalashtirish, kino loyihalarini moliyalashtirish, ishlab chiqarish hamda mualliflik huquqini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

 

Farmonga muvofiq, Madaniyat vazirligi muassisligida “O‘zbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Shuningdek, “Qoraqalpoqfilm” davlat muassasasi negizida Milliy kinokompaniya va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi muassisligida “Qoraqalpoqfilm” mas’uliyati cheklangan jamiyati tuziladi.

 

Bundan tashqari, Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti va bir guruh kinoijodkorlar ishtirokida Kinoshunoslar klubi tashkil etiladi.

 

O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi hamda O‘zbekiston kino sanoati vakillari uyushmasini qo‘shib yuborish orqali O‘zbekiston kino sohasi vakillari palatasini tashkil etish ham belgilangan.

 

Shuningdek, Toshkent shahrida bolalar kinoijodkorligi maktabi va platformasi tashkil etiladi.