265 mln so‘mlik zarar: Jizzaxda gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
Fuqaro gaz hisoblagichining filtr qismidan rezina shlang orqali gaz tarmog‘iga ulangan.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.
Holat “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman gaz ta’minoti xodimlari hamda huquq-tartibot organlari ishtirokida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi “Sanoatchilar” mahallasida yashovchi fuqaro X .B. xonadonidagi gaz hisoblagichining filtr qismidan rezina shlang orqali gaz tarmog‘iga ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.
Holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilib, sarflangan gaz hajmi qonunchilikda belgilangan tartibda qayta hisoblangan. Natijada iste’molchi tomonidan 265 million 455 ming so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.
To‘plangan hujjatlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.








