98 tonna gaz talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi: 409 ta urinish aniqlandi
Gaz taqsimotida hisob tizimini chetlab o‘tishga qaratilgan urinishlar aniqlanib, bir nechta xodimga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.

O‘zbekistonda 98,3 tonna suyultirilgan gaz solingan 9,5 mingdan ortiq gaz ballonlarini o‘g‘irlashga urinishlarning oldi olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
20-oktabrdan boshlab IIV kuz-qish mavsumida aholini suyultirilgan gaz bilan o‘z vaqtida va xavfsiz ta’minlash jarayonini nazoratga olgan. Ushbu ishlarni muvofiqlashtirish uchun “Hududgazta’minot” AJda qo‘shma shtab tashkil etilgan.
To‘ldirilgan gaz ballonlarini tashuvchi transport vositalari xavfsizlik xodimlari hamrohligida harakatlanmoqda. Gaz taqsimoti elektron hisob tizimi orqali nazorat qilinib, jarayonda mahalla vakillari va xavfsizlik xodimlari ham ishtirok etmoqda.
Kuz-qish mavsumi boshida 145 ming xonadon 70 kundan ortiq suyultirilgan gazsiz qolgan bo‘lsa, hozir ularning barchasi gaz bilan to‘liq ta’minlangan.
Gaz taqsimotida korrupsiyaning oldini olish maqsadida profilaktika va yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari ishtirokida raqamli tizim orqali qo‘shimcha tekshiruvlar ham o‘tkazilmoqda.
Kuchaytirilgan nazorat davomida gazni hisobga olish va taqsimlash tizimini chetlab o‘tishga qaratilgan 409 ta urinish aniqlangan. Natijada 98,3 tonna suyultirilgan gaz solingan 9,5 mingdan ortiq gaz ballonlarining talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yilmagan. Qoidabuzarliklarga aloqador bir nechta mansabdor shaxs va xodimlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.








