Eron parlamenti Hurmuz bo‘g‘ozini yopishni maqulladi
Yakuniy qarorni Eronning Milliy xavfsizlik kengashi qabul qiladi.

Eron parlamenti Hurmuz bo‘g‘ozini yopish zarur degan qarorga keldi. Bu haqda parlamentning milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha komissiyasi a’zosi Ismoil Kousari ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yakuniy qarorni Eronning Milliy xavfsizlik kengashi qabul qiladi.
"Hurmuz bo‘g‘ozini yopish masalasi strategik javob chorasi sifatida ko‘rilmoqda", — dedi Kousari. Uning ta’kidlashicha, bu qaror G‘arb bosimlariga nisbatan javob bo‘lishi mumkin.
Hurmuz bo‘g‘ozi Fors ko‘rfazini Ummon ko‘rfazi orqali Hind okeani bilan bog‘laydi. Bu bo‘g‘oz dunyodagi eng muhim neft va suyultirilgan gaz tashish yo‘llaridan biri hisoblanadi.
Bo‘g‘ozning eng tor qismi faqat 54 kilometr bo‘lib, Eron va Ummon o‘rtasida joylashgan. Shu sababli u mintaqaviy xavfsizlik va global energiya bozorlarida muhim rol o‘ynaydi.







