Eshak sutidan tayyorlanadigan pishloq
U dunyodagi eng qimmat pishloq sifatida qayd etilgan.

Dunyodagi eng qimmat pishloq – “Pule” – faqat Serbiyada ishlab chiqariladi va uning bir kilogrami 1000 dan 1300 yevrogacha bo'lishi mumkin. Ushbu noan’anaviy mahsulotning o‘ziga xosligi — u oddiy sigir sutidan emas, eshak sutidan tayyorlanadi.
IFLScience yozishicha, “Pule” pishlog‘i ishlab chiqarish jarayoni nihoyatda murakkab. U 60 foiz Bolqon eshagi suti va 40 foiz echki suti aralashmasidan tayyorlanadi. Eshaklar sigirlarga qaraganda ancha kam sut beradi: urg‘ochi eshak kuniga atigi 2 litr atrofida sut berishi mumkin, sigir esa 30–45 litr.
Eng qizig‘i, eshaklar uchun maxsus sog‘ish uskunalari mavjud emas. Shuning uchun Serbiyaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Zasavica qo‘riqxonasida fermerlar sutni qo‘lda sog‘ib, pishloq tayyorlaydilar. Bir kilogramm “Pule” pishloq tayyorlash uchun kamida 25 litr eshak suti talab etiladi.
“Pule” — yumshoq, qaymoqdek tuzilishga ega va ozgina sho‘r ta’mga ega pishloq. U Omega-3 yog‘ kislotalari, oqsil va kaltsiyning yuqori miqdori bilan ajralib turadi. Shuningdek, sog‘liq uchun foydali xususiyatlari bilan ham mashhur — ayrimlar uni ona suti bilan qiyoslaydi, immun tizimini mustahkamlash va yallig‘lanishga qarshi ta’siri borligiga ishonishadi.
Dunyodagi eng qimmat pishloqlar:
Moose Cheese (Shvetsiya): Elk (bug‘u) sutidan tayyorlanadi. Kamyob va mavsumiy bo‘lganligi sababli 1 kg narxi 1000 dollarga yetadi.
Clawson Stilton Gold (Angliya): 24 karatli oltin zarralari bilan boyitilgan ingliz pishlog‘i. Hashamat uchun mo‘ljallangan, narxi 800–900 dollar/kg.
Queso Cabrales (Ispaniya): Sigir, qo‘y va echki sutidan. 2019 yilda 2 kg pishloq 30 000 yevroga kim oshdi savdosida sotilgan.
Bitto Storico (Italiya): Maxsus saqlash muddati bilan ajralib turadi. Narxi bir necha yuz dollargacha yetishi mumkin.







