Germaniya va Italiya AQShdagi oltinini qaytarishni muhokama qilmoqda
Tramp siyosati fonida Yevropa davlatlari oltinini vatanga qaytarmoqchi.

Donald Tramp ma'muriyatining AQSh Federal Rezerviga nisbatan tanqidlari va global geosiyosiy beqarorlik fonida Germaniya va Italiya o‘z oltin zaxiralarini AQShdan vatanga qaytarishni rejalashtirmoqda.
Jahon Oltin Kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya (3 352 tonna) va Italiya (2 452 tonna) oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda ikkinchi va uchinchi o‘rinda turadi. Har ikki mamlakat oltinining katta qismi Nyu-Yorkdagi Federal Rezerv bankida saqlanadi. Bu tarixiy sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan bo‘lsa-da, bugungi kunda ko‘plab siyosatchilar bu amaliyotni qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlashmoqda.
Germaniyada oltinni qaytarish g‘oyasi siyosiy spektrning turli qatlamlarida qo‘llab-quvvatlanmoqda. Sobiq deputat Piter Gauvayler bu borada Bundesbank hech qanday imtiyozga ega bo‘lmasligi kerakligini aytgan bo‘lsa, “AfD” partiyasi a’zosi Piter Beringer oltin “markaziy banklar uchun so‘nggi chora” ekanini va u to‘liq nazoratda bo‘lishi lozimligini ta’kidlaydi.
2013-yilda Germaniya Parij va Nyu-Yorkdan 674 tonna oltinni qaytargan va bu operatsiya 7 million yevroga tushgan edi. Ayni paytda Germaniya oltin zaxirasining 37 foizi hali ham AQShda saqlanmoqda.
Italiyada esa, bosh vazir Jorjiya Meloni ilgari muxolifatda bo‘lgan paytda oltinni vatanga qaytarishni yoqlagan, ammo hokimiyatga kelgach, bu borada rasmiy harakat qilmagan. Uning partiyadoshi Fabio Rampelli Italiya oltini “tarixiy ittifoqchi” tomonidan saqlanayotganini eslatib o‘tgan.
Bu orada, Yevropa soliq to‘lovchilar assotsiatsiyasi Germaniya va Italiya moliya idoralariga murojaat qilib, Federal Rezervga haddan tashqari ishonchdan voz kechishga chaqirdi.
Tashkilot rahbari Maykl Yeager: “Biz oltin ustidan cheksiz nazoratni kafolatlash uchun uni uyga qaytarishni tavsiya qilamiz”, — dedi.
Global so‘rov natijalari ham shuni ko‘rsatmoqdaki, markaziy banklar inqiroz paytida o‘z oltin zaxiralariga real kirish imkoniyatini istashmoqda.








