O‘zbekistonda yagona maosh tizimi joriy etiladi
2026-yildan davlat xizmatchilari uchun yagona ish haqi tizimi yaratiladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi barcha davlat organlari xodimlari uchun yagona ish haqi tizimi tatbiq etiladi. Bu haqda Prezidentning PF–95-sonli Farmoni asosida ma’lum qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir xil malaka va lavozimda ishlaydigan davlat xizmatchilari, ularning qaysi idorada faoliyat yuritayotganidan qat’i nazar, bir xil oylik maosh oladi. Masalan, ikki xil vazirlikda faoliyat yuritayotgan, mutaxassisligi va tajribasi teng bo‘lgan xodimlarga endilikda teng miqdorda ish haqi belgilanadi.
Ushbu tizim:
- davlat tashkilotlari o‘rtasidagi ish haqi nomutanosibligini bartaraf etish;
- kadrlar oqimini kamaytirish;
- davlat xizmatining barqarorligini ta’minlash;
- va sohaga adolatli, raqobatbardosh mehnat muhitini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.
Yagona maosh tizimini joriy qilish mexanizmi va aniq hisob-kitoblar 2025-yil 1-noyabrgacha ishlab chiqilib, Prezidentga taqdim etilishi belgilangan.
Mutaxassislar bu yondashuv davlat xizmatini yanada jozibador qilishi, kadrlar sifatini oshirishi va ish haqi bo‘yicha adolatli tizimni shakllantirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.







