Banklar inqirozdan qanday chiqadi? Yangi qonun kuchga kirdi
Banklarni sog‘lomlashtirish va tugatish to‘g‘risidagi qonun imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 25-sentabrdan kuchga kiruvchi “Banklarni sog‘lomlashtirish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Ushbu huquqiy hujjat banklar, bank guruhlari hamda ularda ulushga ega xolding kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini saqlash, ularni inqiroz holatidan chiqarish yoki tartibli tugatish mexanizmlarini belgilaydi.
Qonun asosida sog‘lomlashtirish choralari, ya’ni sanatsiya, asosan tizimli ahamiyatga ega moliya muassasalari to‘lovga layoqatsiz holatga tushganda qo‘llaniladi. Reabilitatsiya deganda bankrotlikning oldini olish maqsadida bankning iqtisodiy va moliyaviy ahvolini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar tushuniladi — bu moliyaviy yordam, aktivlarni o‘tkazish, bankni sotish kabi shakllarda amalga oshiriladi.
Mazkur jarayonlarni boshqarish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga yuklatilgan. Regulyator banklar uchun sog‘lomlashtirish bo‘yicha alohida reja ishlab chiqadi. Bu hujjat yiliga kamida bir marta yoki bank faoliyatida sezilarli o‘zgarishlar sodir bo‘lganida qayta ko‘rib chiqilishi talab etiladi.
Sanatsiya doirasida yo‘qotishlar avvalo bank aksiyadorlari zimmasiga yuklatiladi — ular ustav kapitalidagi ulushiga qarab moliyaviy javobgarlikka tortiladi.
Bankni sog‘lomlashtirish quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda ko‘zda tutiladi:
- to‘lovga layoqatsizlik yoki yaqin ehtimoli;
- amalga oshirilayotgan choralarning samarador emasligi;
- bankning tizimli ahamiyatga egaligi va uning keskin tugatilishi moliyaviy barqarorlikka xavf tug‘dirishi.
- Shuningdek, bank to‘lovga layoqatsiz deb topilishi mumkin, agar:
- 7 kun davomida mijozlar talab qilgan mablag‘ni to‘lay olmasa;
- bank majburiyatlari uning aktivlaridan oshib ketsa;
- kapital koeffitsienti belgilangan me’yordan 50 foiz va undan ortiq kamaygan bo‘lsa;
- omonatchilar mablag‘lariga tahdid soluvchi holatlar kuzatilsa.
Xolding kompaniyalariga nisbatan ham o‘xshash mezonlar qo‘llaniladi.
Markaziy bank tayinlagan vaqtincha boshqaruv organlari, shuningdek bank kuzatuv kengashi reabilitatsiya jarayonida mehnat shartnomalarini bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi. Bunday hollarda lavozimidan ozod etilgan rahbarlarga kompensatsiya to‘lanmaydi.
Sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan choralarga quyidagilar kiradi:
- aktiv va majburiyatlarni boshqa tashkilotga o‘tkazish;
- vaqtinchalik bank tuzish;
- ayrim majburiyatlarni hisobdan chiqarish yoki konvertatsiya qilish.
Bankning majburiy tugatilishi esa Markaziy bank tomonidan litsenziya bekor qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi. Bu tartib sud orqali ham, sudgacha bo‘lgan tartibda ham amalga oshirilishi mumkin.
Tugatish bosqichida bank aktivlari boshqa moliya institutlariga topshiriladi yoki ochiq savdolar orqali realizatsiya qilinadi.








