Toshkentda onlayn narkodoʻkon aʼzolari qoʻlga olindi
DXX va IIV hamkorligida yirik narkoguruh faoliyatiga chek qo’yildi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida giyohvand moddalar savdosiga ixtisoslashgan jinoyat tarmog‘ining besh nafar a’zosi qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, ular Toshkent shahri Yangi Hayot tumanida ijarada yashab, “Telegram” messenjeri orqali mijozlar bilan bog‘lanib, sintetik narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan. Xususan, 400 gramm “Alfa-PVP” moddasi 0,3 grammli kichik o‘ramlarga bo‘linib, Andijon viloyatidagi xaridorlarga yetkazilayotgan vaqtida to‘xtatilgan.
Tezkor tadbir davomida ular tomonidan ilgari Andijon viloyati hududida yashirin tarzda joylashtirilgan 53 dona 0,3 grammli sintetik narkotik moddalar ham topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Surishtiruvni kengaytirish davomida, mazkur guruhning asosiy tashkilotchilaridan biri — 2003-yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro ham Toshkent shahri Yangi Hayot tumanida qo‘lga olindi. Undan boshqaruvidagi avtomashina saloni va yukxonasidan 986 gramm gashish hamda 7 kilogramm “Alfa-PVP” sintetik moddalari aniqlanib, daliliy ashyolar tariqasida olindi.
Olib borilgan tergov harakatlari narkoguruhning mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan giyohvand moddalarni Toshkent shahri, shuningdek Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand va Buxoro viloyatlarida tarqatib kelganligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddasi 5-qismi asosida jinoyat ishi ochilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish belgilandi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.







