Hajga borgan 8 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
Bunga jazirama va surunkali kasallik sabab bo‘lgan.

2025 yilgi Haj mavsumida 8 nafar O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistonida vafot etdi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Taʼkidlanishicha, joriy yildagi “Haj-2025” mavsumi davomida O‘zbekistondan 15 mingdan ziyod hojilarning Haj amallarini tartibli va namunali ado etishlari taʼminlandi.
O‘zbekistonlik hojilarning sog‘liqlari va sihat-salomatliklariga alohida eʼtibor qaratish masalasida O‘zbekiston hukumati tomonidan barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishiga qaramay, bu yilgi Haj ibodati paytida kuzatilgan jazirama natijasida va surunkali kasalligi bo‘lgan to‘rt nafar ziyoratchi Saudiya Arabistonida vafot etdi.
“Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasining ogohlantirishlariga qaramay bu yilgi Haj mavsumiga noqonuniy yo‘llar bilan borgan yana to‘rt nafar vatandoshimiz ushbu mamlakatda olamdan o‘tdi”, deyiladi xabarda.







