Ukraina dronlari Ijevskdagi korxonaga hujum qildi
Hodisa oqibatida jarohatlanganlar bor.

Ukraina dronlari Ijevsk shahridagi korxonaga hujum qildi. Bu haqda Rossiyaning Udmurtiya Respublikasi rahbari Aleksandr Brechalov xabar berdi. U qaysi korxona nishonga olingani va qancha odam jarohatlanganiga aniqlik kiritmagan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (SNBO) rahbari Andrey Kovalenkoga ko‘ra, dronlar Ijevskdagi “Kupol” elektrotexnika zavodiga zarba bergan.
“Bu Rossiya armiyasi uchun “Tor” zenit-raketa majmualari va “Garpiya-A1” zarba dronlarini ishlab chiqaruvchi asosiy korxonalardan biri”, — deya taʼkidladi Kovalenko.
Astra nashrining guvohlarga tayanib yozishicha, hujum natijasida kamida 9 kishi jarohat olgan. Ijevsk aeroporti faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan.







