Katta kredit va’dasi ortidagi firibgarlik fosh bo‘ldi
Toshkentda fuqaroga 3 mln dollar kredit olib bermoqchi bo‘lgan MCHJ rahbari ushlandi.

Toshkent shahrida savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari bo‘lgan, ilgari sudlangan ayol yana jinoyat ustida qo‘lga tushdi. U Qibray tumanida yashovchi fuqaroga o‘zining “aloqador tanishlari” yordamida bankdan 3 million AQSh dollari kredit olib berishini va’da qilgan.
Buning evaziga u kredit mablag‘ining 33 foizini — 990 ming dollarni so‘ragan. Ayol oldindan 150 ming dollarni olgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushlandi.
Surishtiruv davomida ayol bilan birga harakat qilgan boshqa shaxs ham aniqlandi. U Urganchda yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan erkak bo‘lib, o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirib, fuqaroga kreditni ajratishga va’da bergan.
Har ikkala gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda dastlabki tergov ishlari davom etmoqda.







