O‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi
O‘qituvchilar attestatsiyani sud tartibida qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan attestatsiya test sinovlarining natijalaridan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilar sudga murojaat qildi. Bu haqda “Xalq ta’limi info” nashri xabar berdi.
Da’vogarlar tomonidan taqdim etilgan arizada attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, yetkazilgan ma’naviy zarar va vakil xarajatlarini undirish talabi ilgari surilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025-yil 15-apreldan 14-mayga qadar O‘zbekiston bo‘ylab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagoglari uchun malaka test sinovlari o‘tkazilgan edi. Unga 190 mingga yaqin o‘qituvchi onlayn tarzda ariza topshirgan bo‘lib, ulardan 177 640 nafari (95 foiz) testlarda ishtirok etgan.
Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar o‘qituvchi oliy, 23 200 nafari birinchi va 27 805 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘ldi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog “mutaxassis” lavozimini saqlab qoldi. Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod o‘qituvchi ijobiy natija qayd etgan. Shu bilan birga, 104 mingga yaqin pedagog (58,9 foiz) attestatsiyadan o‘tolmagan.
Test sinovlari davomida ayrim fan o‘qituvchilari ijtimoiy tarmoqlarda test savollarining sifati, mazmuni va spetsifikatsiyaga mosligi borasida norozilik bildirgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Sardor Rajabov ushbu holatlarga munosabat bildirar ekan, test savollariga yoki natijalarga e’tirozi bo‘lgan pedagoglar belgilangan tartibda apellyatsiya berish huquqiga ega ekanini eslatib o‘tgan edi. Biroq apellyatsiya komissiyasi tomonidan yuborilgan javoblarning deyarli bir xil va umumiy mazmunga ega bo‘lgani o‘qituvchilar orasida turli e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.







