O‘zbekistonni bosib olishni taklif qilgan siyosatchi Zelenskiyni suiqasd uyushtirishda aybladi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining bayonoti yuzasidan rasmiy norozilik bildirgan.

Rossiyalik siyosatchi va yozuvchi Zaxar Prilepin 2023 yilda o‘ziga nisbatan uyushtirilgan suiqasdni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy topshirig‘i bilan amalga oshirilganini taʼkidladi. Bu haqda u 50 yilligi munosabati bilan tayyorlangan hujjatli filmda so‘z yuritgan. Bu haqda TASS nashri xabar bergan.
Prilepin o‘sha yili may oyida Nijniy Novgorod viloyatida avtomobili portlatilishi oqibatida yaralangan, yaqin do‘sti Aleksandr Shubin esa halok bo‘lgan. U bu hujum ortida Zelenskiy turishini aytib, “U mening o‘limimni shaxsan qonuniylashtirgan”, deya bayonot bergan.
Avvalroq Prilepin sobiq SSSR tarkibidagi mamlakatlar, jumladan O‘zbekistonni Rossiya federatsiyasiga qo‘shish taklifini ilgari surgan edi. Bu bayonot O‘zbekistonda jiddiy eʼtiroz va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputatlar va jamoatchilik vakillari bu fikrni qoralab chiqishdi.
Shundan so‘ng, Rossiyaning Toshkentdagi elchisi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi va Prilepinning bayonoti yuzasidan rasmiy norozilik bildirildi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa bu Prilepinga tegishli shaxsiy fikr bo‘lib, Moskvaning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligini maʼlum qildi.







