Samarqandliklarni haqorat qilgan “Nasaf” matbuot xodimi ishdan olindi
“Nasaf” futbol klubi ushbu noqulay holat uchun jamoatchilikdan uzr so‘radi.

O‘zbekiston Superligasining “Dinamo” (Samarqand) va “Nasaf” (Qarshi) jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ortidan yuzaga kelgan noxush holat keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Qarshining “Nasaf” klubi matbuot xizmatiga aloqador Sarvar Bobonazarov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Dinamo” va “Andijon” jamoalari muxlislari sha’niga nisbatan haqoratli va nomaqbul fikrlar bildirgan. Mazkur holat keng tanqidga sabab bo‘ldi.
“Nasaf” futbol klubi ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda qayd etilishicha, Bobonazarov mehnat ta’tilida bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, uning xatti-harakati klub axloqiy tamoyillariga zid deb topildi. Klubda tanqidiy yig‘ilish o‘tkazilib, mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Bayonotda alohida ta’kidlanishicha, klub ushbu fikrlar “Nasaf”ning rasmiy pozitsiyasi emasligini bildiradi va har qanday haqorat hamda kamsitishlarni qat’iy qoralaydi. Shuningdek, Samarqand va Andijon jamoalari vakillari va muxlislariga chuqur hurmat bildirilgan.







