Toshkentda 19 yoshli qiz harakatlanib ketayotgan mashinadan sakradi
Bunga uning haydovchi bilan tortishib qolgani sabab bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qiz harakatdagi avtomashina eshigini ochib sakraganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, 7 iyul kuni soat 11:00 larda Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik ko‘chasida 2001 yilda tug‘ilgan X.A. Nexia‘ni boshqarib ketayotib, oldindan tanishi bo‘lgan 2006 yilda tug‘ilgan B.J. bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida tortishib qolgan.
So‘ng fuqaro B.J. harakatlanib ketayotgan avtomashina eshigini ochib, yo‘l qatnov qismiga sakragan. Shu hududda xizmat olib borayotgan tuman IIO FMB xodimlari zudlik bilan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, shifoxonaga olib borishgan. Birlamchi tibbiy maʼlumotga ko‘ra, fuqaroga “peshona va chap chap yonoq sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi hamda teri osti gematomasi” tashxisi qo‘yilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.







