Rossiyada O‘zbekiston fuqarolari ko‘chada qoldimi?
Internetda migrantlarning sarson bo‘layotgani haqida videolar tarqalmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahridagi migratsiya markazlarida O‘zbekiston fuqarolari qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida videomurojaat eʼlon qilingandi. Mazkur holat yuzasidan Migratsiya agentligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, mazkur markazda Prezidentning "Rossiya Federatsiyasida chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ayrim toifalarining huquqiy holatini tartibga solish bo‘yicha vaqtinchalik chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni doirasida ishlash ruxsatnomasini (patent) rasmiylashtirish jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Markaz xodimlari to‘liq ish rejimida faoliyat olib bormoqda hamda hujjatlar rasmiylashtirish belgilangan tartib va talablar asosida tashkil etilgan. Shu bilan birga, chet el fuqarolari uchun migratsiya markazining ish vaqti haqida maʼlumot taqdim etilgan.
Videopostdagi holatning kelib chiqishi fuqarolarning navbatda turishga rioya qilmasligi sababli sodir bo‘lgan. Shu bois xavfsizlikni taʼminlash maqsadida temir panjaralar o‘rnatilgan. Bundan tashqari fuqarolar tomonidan patent olish bo‘yicha belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan.
Shuningdek, videomurojaatda ishtirok etgan fuqarolar bilan bevosita suhbat o‘tkazilib, ularga hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirish tartib-taomillari va migratsiya markazining ishlash mexanizmi haqida batafsil tushuntirish berildi.







