Toshkentda noqonuniy dori vositalarini sotgan dorifurush qo‘lga olindi
Noqonuniy dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxsdan 16 mingdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topilgan.

Toshkent shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olindi.
Tekshiruv davomida uning Yangihayot tumanidagi ijaradagi uyidan 16 ming 249 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilib, ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Aniqlanishicha, u bu dorilarni avval “Telegram” orqali bog‘langan shaxsdan olib, sotish rejasini tuzgan va daromad evaziga 16 ming AQSH dollari to‘lashni va’da qilgan.
"Zardeks" tarkibidagi “Pregabalin” moddasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi qaroriga muvofiq, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. Bu modda nazoratsiz iste’mol qilinganda sog‘lik uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1 moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dorifurush qamoqqa olingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.







