O‘zbekiston ruhiy salomatlik reytingida past o‘rinni egalladi
Odamlarning ruhiy holati yomonlashishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda.

Mental State of The World xalqaro tadqiqoti natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ruhiy salomatlik va farovonlik bo‘yicha reytingda 83 ta davlat ichida 74-o‘rinni egalladi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida ruhiy holat umumiy hisobda og‘irligicha qolmoqda. Lekin O‘zbekiston mintaqa davlatlari ichida eng yaxshi natijani qayd etgan.
- Qozog‘iston – 76-o‘rin;
- Qirg‘iziston – 79-o‘rin;
- Tojikiston – 80-o‘rin.
Dunyo bo‘yicha o‘rtacha ruhiy holat indeksi 63 ballni tashkil qilmoqda. Bu insonlar oyda taxminan 21 kun davomida o‘zini barqaror va faol his qilishini anglatadi. Ammo Markaziy Osiyo davlatlari bu ko‘rsatkichdan ancha ortda qolmoqda. O‘zbekiston 54,5 ballni, Qirg‘iziston va Tojikiston 51,2 ballni qo‘lga kiritgan. Qozog‘iston esa (52,3 ball) Braziliya, Janubiy Afrika respublikasi va hattoki Afg‘oniston bilan deyarli bir darajada.
Mutaxassislar fikricha, odamlarning ruhiy holati yomonlashishiga bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar sabab bo‘lmoqda: xavotir, tushkunlik, charchoq, yolg‘izlik va hal qilinmagan ichki muammolar. Bugungi kunda dunyo bo‘yicha har sakkiz kishidan biri, yaʼni 8 milliard aholining 1 milliardga yaqini ruhiy kasallikka chalingan. Bunda, o‘smirlar eng zaif qatlam hisoblanadi, chunki ruhiy muammolarning yarmi 14 yoshgacha boshlanadi.







