Andijonda qalbaki dollar sotayotgan shaxs ushlandi
Fuqaro 1 900 AQSH dollarini 900 dollarga pullayotgan bo‘lgan.

Andijon viloyatida qalbaki AQSH dollarlarini sotishga uringan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament axborot berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bo‘ston tumanida DXX, Ichki ishlar bo‘limi va prokuratura xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro B.T. boshqa bir fuqaro — M.M.ga qalbaki 1 900 AQSH dollarini aslida atigi 900 AQSH dollar evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Tadbir chog‘ida 100 dollarlik soxta kupyuralar ashyo dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul va qimmatli qog‘ozlar yasash va muomalaga chiqarish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar fuqarolar va tadbirkorlarni ogohlantirdi:
— "Qalbaki pulni bilmagan holda qabul qilib olib, uni boshqa shaxsga sotib yuborish ham jinoyat hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin."
Shu bois, naqd hisob-kitoblarni O‘zbekiston hududida qonuniy to‘lov vositasi — milliy valyutada amalga oshirish tavsiya etiladi. Bu o‘zingizni noqonuniy holatlardan asrashga yordam beradi.







