O‘zbekistonda bepul ilk rivojlanish markazlari tashkil etiladi
Bu markazlar bepul bo‘lib, 3–6 yoshli bolalar uchun qisqa muddatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatadi.

2025-yil 14-iyul kuni Hukumatning 439-son qarori bilan “Ilk rivojlanish markazlari to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur markazlar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan, shuningdek, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya xizmatlari ko‘rsatish uchun tashkil etiladi.
Markazlar, asosan, 3–6 yoshdagi bolalar, xususan kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan oila farzandlarini qamrab oladi.
Ilk rivojlanish markazlari quyidagi ikki model asosida faoliyat yuritadi:
Maxsus maktabgacha ta’lim modeli – pedagoglar 2–7 yoshli bolalar yashash xonadonlariga borib, u yerda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etadi.
O‘yin guruhi modeli – 3–6 yoshli bolalar uchun markazlarda 3,5–4 soatlik qisqa muddatli mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Markazlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari huzurida ochiladi.
Ilk rivojlanish markazlarida ta’lim oladigan bolalardan ota-ona to‘lovi olinmaydi.







