Andijonda transformator chaqnashi oqibatida 4 yoshli qizchaning yuzi kuydi
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ ma’lumotiga ko‘ra, qizcha eshik orqasidan mushukni kuzatib turgan va aynan shu vaqtda chaqnash sodir bo‘lgan.

Andijon viloyatida joylashgan ko‘p qavatli uylarning biridagi transformator budkasi ichida yuz bergan qisqa tutashuv sababli 4 yoshli qizaloq kuyish jarohatini oldi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon viloyat filiali bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, voqea 2025-yil 13-iyul kuni Andijon tumanida joylashgan transformator podstansiyasida sodir bo‘lgan. 35/0,4 kV kuchlanishdagi, 1000 kVA quvvatga ega qurilmada qisqa tutashuv kuzatilgan.
Tergovga qadar aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qizaloqning uyi yaqinida joylashgan transformatorga mushugi kirib ketgan. Qizcha mushukni izlab budka eshigi yaqiniga borganda, aynan o‘sha paytda kuchli chaqnash ro‘y bergan. Natijada qizchaning yuzi kuygan.
Zudlik bilan birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va u shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar hozirda bemor ahvolini barqaror deb baholamoqda.







