Nufuzli oliygoh bitiruvchilariga qo‘shimcha ustamalar belgilanadi
Prezident farmoniga muvofiq, xalqaro TOP-300 universitetlarda tahsil olgan mutaxassislar ish joyida qo‘shimcha moliyaviy rag‘batga ega bo‘ladi.

Endilikda dunyodagi eng nufuzli 300 talik reytingga kiruvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoki u yerda ilmiy daraja olgan o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarga ish haqiga qo‘shimcha ustamalar belgilanadi.
Bu Prezidentning 2025-yil 19-iyundagi PF–95-sonli farmoni bilan 2021-yilda qabul qilingan PF–6260-sonli hujjatga kiritilgan o‘zgartishlar asosida joriy etilmoqda.
Ustama to‘lovlari bakalavriat, magistratura yoki PhD (yoki unga tenglashtirilgan) ilmiy darajaga ega bo‘lganlarga davlat organlari va tashkilotlaridagi lavozim maoshiga qo‘shib beriladi.
Avval bu imtiyoz dunyoning TOP-500 talik ro‘yxatiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalarini bitirganlar uchun amal qilgan.








