Germaniyadan Afg‘onistonga 81 kishi deportatsiya qilindi
Bu inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilinmoqda.

Bortida 81 nafar Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan samolyot Leypsig ayeroportidan havoga ko‘tarildi. Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning so‘zlariga ko‘ra, bu odamlar “jinoyatlar uchun sudlangan” va “majburiy deportatsiya qilinishi kerak”.
Dobrindt Kobulga parvozni amalga oshirishda Germaniyaning “strategik hamkorlari”, xususan, Qatar ishtirok etganini maʼlum qildi.
Bu 2024 yil avgustdan beri birinchi va Afg‘onistonda “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelgan 2021 yilning yozidan keyingi ikkinchi deportatsiya parvozi bo‘ldi.
Germaniya 2024 yil 30 avgustda 28 nafar afg‘onistonlikni vataniga deportatsiya qilgandi. Ular Germaniyada sudlangan jinoyatchilar edi. Parvoz oldidan ularning har biri 1000 yevrodan olgan.
O‘shanda “Tolibon” vakili Germaniyadan deportatsiya qilingan jinoyatchilar ularning oilalari hech qanday jinoiy huquqbuzarlik qilmasliklari haqida yozma kafolat berganidan keyin qo‘yib yuborilganini aytgandi.
Bu qaror inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid ostiga olinmoqda. Ularning taʼkidlashicha, deportatsiya qilingan shaxslar Afg‘onistonda huquqlarining buzilishi, qiynoqlar va qatag‘onlarga duch kelish xavfi ostida qolishi mumkin.







