Yulduz Usmonovaning qo‘shig‘ini kuylagan xonanda jarimaga tortildi
Nihol mukofoti sovrindori mualliflik huquqini buzgan deb topilgan.

Adliya vazirligi tomonidan o‘rganilgan murojaat asosida xonanda Guljahon Xolxo‘jayeva mualliflik huquqini buzganlikda aybdor deb topildi va jarimaga tortildi. Bu haqda Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamoat birlashmasi xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, taniqli shoir Abdusaid Abdusalomovga tegishli bo‘lgan, “Salomiy” taxallusi bilan mashhur bo‘lgan muallifning “Senmiding” nomli she’ri uning ruxsatisiz ijro etilgan. Ushbu she’r O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova tomonidan kuylangan qo‘shiq matni sifatida ommaga tanilgan.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, xonanda Guljahon Xolxo‘jayeva ushbu asarni muallif ruxsatisiz foydalangan. Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qaroriga ko‘ra, Guljahon Xolxo‘jayevaga jarima jazosi tayinlandi.
Qonunchilikka ko‘ra, mualliflar huquqbuzardan zarar o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon talab qilish huquqiga ega.







