Uzbekistan Airways bortida chaqaloq dunyoga keldi
Shundan so‘ng samolyot favqulodda qo‘ngan.

Bugun, 19 iyul kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Istanbul — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz vaqtida chaqaloq tug‘ildi.
Parvoz davomida yo‘lovchilardan birida muddatidan oldingi tug‘ruq boshlangan. Bortda bo‘lgan ikki nafar shifokor ekipaj bilan hamkorlikda zarur tibbiy yordamni tezkorlik bilan ko‘rsatgan.
Ekipaj komandiri qarori bilan samolyot Urganch aeroportiga favqulodda qo‘ngan, u yerda ona va yangi tug‘ilgan o‘g‘il bolani shifokorlar kutib olishgan.
“Uzbekistan Airways oilani yurakdan tabriklaydi va ekipaj aʼzolariga samimiy minnatdorlik bildiradi. Shuningdek, reysda tasodifan bo‘lgan va o‘z yordamini ko‘rsatgan shifokorlar — Dilbar Sheripbayeva va Dilshod Nortojiyevga alohida tashakkur bildiramiz”, deyiladi xabarda.







