Toshkentda vodorod perekis sizib chiqishi natijasida 6 kishi zaharlandi
Olmazor tumanidagi 423-sonli bog‘cha hududiga o‘rnatilgan datchik hamon o‘ta xavfli darajadagi havo ifloslanishini taqdim etmoqda.

Avval xabar qilinganidek, bugun, 21 iyul kuni soat 03:00 atrofida Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Uzumboq ko‘chasida joylashgan omborxonada perekis vodorod moddasining ochiq havoga sizib chiqishi kuzatilgan. FVV xabariga ko‘ra, vaziyat tezkor nazoratga olinib, barcha tegishli xizmatlar birgalikda ish olib bordi va hodisa soat 04:00 ga kelib to‘liq bartaraf etilgan.
Ayni paytda “Zamon.uz”ga maʼlum bo‘lishicha, ushbu hodisa ortidan zaharlanib 6 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ham Olmazor tumanida changli tutun aks etgan va aholi o‘tkir hiddan shikoyat qilishgan.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovningning yozishicha, Air.Tashkent xizmatining havo sifati datchiklari soat 01.00 dan boshlab Olmazor tumanida (423-sonli bolalar bog‘chasi hududida) havo ifloslanishining “xavfli” va "o‘ta xavfli" darajada yuqori ifloslanish ko‘rsatkichlarini qayd etgan.
Ushbu platforma tungi soat 02.00 muddatda o‘sha nuqtadagi datchik atmosfera ifloslanish indeks qiymatini 500 ko‘rsatkichda taqdim etgan. Bu "o‘ta xavfli" havo ifloslanish qiymatidir. Bugun tonggi soat 06.00 da ham ushbu datchik 328 indeks ko‘rsatkich bilan hamon havoda ifloslanish juda yuqori ekanini ko‘rsatgan.
Soat 11.00 holatiga ushbu qiymat xalqaro havo sifat indeks bo‘yicha 444 ko‘rsatkichga ega va Olmazor tumanidagi 423-sonli bog‘cha hududiga o‘rnatilgan datchik hamon o‘ta xavfli darajadagi havo ifloslanishini taqdim etmoqda. Ayni daqiqalarda shamol poytaxt markazidan esib, ushbu ifloslanishni shimolga, yaʼni Toshkent tumani tomon uchirib ketmoqda.
Vodorod perekisi nima?
Iqlimshunos Erkin Abdulahatov taqdim etgan maʼlumotga ko‘ra, Vodorod perekis gazsimon modda vodorod peroksid moddasi ham deyiladi. Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya meʼyorlari bilan bog‘liq SanPiN 0293—11 normativ xujjatida garchi vodorod peroksid (H₂O₂) moddasining sutkalik, bir martalik REM qiymatlari keltirilmagan ersada, xalqaro meʼyorlar bo‘yicha uning havoda sutkalik REM qiymati 1.4 mg/m³ ga tengdir.
Agarda miqdor 105 mg/m³ dan ortsa, bu insonlar salomatligi uchun "ekstremal xavf" darajasiga tenglashadi.







