Andijonda ayol kishining zo‘ravonligi aks etgan holat yuzasidan surishtiruv boshlandi
Do‘kon egasi o‘z sotuvchisiga nisbatan bosim va zo‘ravonlik qilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida bir ayolning boshqa bir ayolga nisbatan kuch ishlatayotgani tasvirlangan videolavha tarqalib, keng jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Rasmiy tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur holat 2024-yil 15-dekabr kuni Andijon shahri, Hunarmand mahallasida joylashgan kiyim-kechak do‘konida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, do‘kon egasi — 1992-yilda tug‘ilgan fuqaro A.P. u yerda sotuvchi bo‘lib ishlovchi 2005-yilda tug‘ilgan S.S. ismli qizga o‘zaro qarz masalasi yuzasidan bosim o‘tkazgan va jismoniy zo‘ravonlik qilgan.
Jabrlanuvchi avvalroq mazkur zo‘ravonlik haqida na ichki ishlar organlariga, na yaqinlariga xabar bergan.
Hozirda voqea ishtirokchilarining shaxsi aniqlangan bo‘lib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







