O‘zbekistonda portativ lazer qurilmalari uchun javobgarlik joriy etiladi
Ushbu turdagi lazer qurilmalarining noqonuniy muomalasini cheklovchi qonun loyihasi qabul qilindi.

Qonunchilik palatasida portativ lazer qurilmalarining noqonuniy muomalasini cheklovchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Loyihaga ko‘ra, bunday qurilmalarni noqonuniy ravishda olib kirish, saqlash yoki ishlatish holatlari uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Deputatlar lazer nurlari xavfsizlik, ayniqsa havo transporti harakati uchun jiddiy tahdid tug‘dirishini ta’kidlashmoqda. Xususan, ayrim holatlarda lazer nuri samolyot uchuvchilari ko‘ziga tushib, vaqtinchalik ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishiga olib kelgan. Bu esa parvoz xavfsizligiga bevosita tahdid soladi.
Qonunchilikdagi bu o‘zgarishlar fuqarolarning hayoti va salomatligini, jamoat tartibini hamda aviatsiya xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, portativ lazerlardan mas’uliyat bilan foydalanish madaniyatini shakllantirishga ham hissa qo‘shadi.








