Toshkentdagi tungi klubda mijoz xodimga tan jarohati yetkazdi
Mijoz paqildoq (xlopushka)ni klub xodimasi yuziga qarata otishi oqibatda ayol ko‘z va peshona sohasida og‘ir jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.

17-iyul kuni soat 02:00 atrofida Toshkent shahri, Yashnobod tumanida joylashgan tungi klublardan birida xizmat ko‘rsatuvchi ayol og‘ir tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, klubga tashrif buyurgan 2000-yilda tug‘ilgan M.K. ismli fuqaro tomonidan qasddan ishlatilgan paqildoq (xlopushka) klub menejeri — 1980-yilda tug‘ilgan A.R.ning yuz qismiga otilgan. Natijada jabrlanuvchi fuqaroning ko‘z olmasi kontuziyasi, yuqori qovoq va peshona sohasida yumshoq to‘qimalarning lat yeyishi, shuningdek, shilingan jarohatlar aniqlangan.
Zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan xodima hozirda shifokorlar nazoratida. Holat yuzasidan Yashnobod tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.








