Yunusobodda o'zini 9-qavatdan tashlagan 23 yoshli fuqaro tirik qoldi
Hodisa tafsilotlari ma'lum qilindi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 23 yoshli fuqaro 9-qavatdan o‘zini tashlab, tirik qoldi. Bu haqda poytaxt IIBB rasmiy izoh berdi.
Voqea 2025-yil 21-iyul kuni soat taxminan 01:30 da sodir bo‘lgan. Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro T.R. o‘zining yashash xonadonidagi derazadan pastga sakragan.
Fuqaro kirish yo‘lagining tom qismiga urilib, yerga tushgan. Natijada unga “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, chap o‘mrov suyagi va o‘ng ko‘krak suyagi sinishi, birinchi bel umurtqasi kompression sinishi (2-3 daraja), travmatik shok (2-daraja)” tashxisi qo‘yilgan va shifoxonaga olib borilgan.
Hozirda bemor shifokorlar nazoratida.
O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, fuqaro 2024-yil oxiridan beri ruhiy holatida o‘zgarishlar kuzatilgan va psixolog-shifokor nazoratida bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunida qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.







