Ayol jinoyatchilarga yengillik berish – jinoyatga yo‘l ochishmi?
Deputat Qodirov Jinoyat kodeksida ayollar uchun belgilangan yengillashtiruvchi normalarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uning fikricha, bunday yengillik jinoiy xatti-harakatlar sonining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Jinoyat kodeksida ayollar uchun nazarda tutilgan yengillashtiruvchi normalar bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.
Deputat bu taklifini yaqinda Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalardan birida ro‘y bergan og‘ir hodisa – ikki yoshli bolaning vafoti bilan bog‘liq sud qaroridan keyin ilgari surdi. Sud qaroriga ko‘ra, bolani zo‘ravonlik bilan o‘ldirishga sabab bo‘lgan tarbiyachi ayol atigi olti yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Qodirov ushbu jazo chorasini “insoniylik” niqobi ostidagi adolatsizlik deb atab, ayollar tomonidan sodir etilayotgan og‘ir jinoyatlar sonining ortish ehtimolini eslatib o‘tdi. U Jinoyat kodeksining 50-moddasida belgilangan, ayollar uchun jazoni yengillashtiruvchi norma amalda jinoiy harakatlarga rag‘bat sifatida xizmat qilishi mumkinligini ta’kidladi.
“Qonun jinsga qarab emas, jinoyatning og‘irligi va oqibatlariga qarab baholanishi kerak”, — dedi u.
Deputat ushbu masalani yuridik soha mutaxassislari bilan birgalikda muhokama qilib, zarur qonunchilik o‘zgartishlarini rasman taklif qilish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, Qodirov ta’lim tizimida kadrlar siyosatini kuchaytirish bo‘yicha bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. U jumladan:
tarbiya va ta’lim sohasida ishlayotgan xodimlar uchun pensiya yoshini 50 ga tushirish,
pensiya yoshidagi shaxslarning bolalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini cheklash,
yosh, malakali mutaxassislarni tizimga keng jalb etish takliflarini ilgari surdi.
Qodirovning boshqa sohalardagi bayonotlari ham jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Jumladan, u:
shahar atrofidagi magistral yo‘llarda tezlik chegarasini 130 km/soatgacha oshirish,
25–30 yildan ortiq xizmat qilgan avtomobillarni foydalanishdan chiqarish,
daraxt kesish borasida ortiqcha ehtiroslarga yo‘l qo‘ymaslik va bu borada muvozanatli yondashuvni taklif qildi.
Shuningdek, ichki ishlar tizimi islohoti yuzasidan u malakali, tajribali kadrlar faoliyat yuritishi zarurligini ta’kidlab, korrupsiya va tanish-bilishchilikdan holi tizim bo‘lishi kerakligini bildirdi.







