Namanganda ona va bolani sigir suzib yubordi
Sigir uyi oldida o‘ynab yurgan 2 yoshli qizchani suzib ketgan, uni himoya qilmoqchi bo‘lgan onasi ham sigirning hujumiga uchragan.

Ijtimoiy tarmoqlarda sigir yosh qizchani va uni himoya qilmoqchi bo‘lgan onasini suzib, tepib yuborgan holat aks etgan video tarqaldi. Mazkur voqea yuzasidan Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 16-iyul kuni soat 19:30 da Namangan viloyati shoshilinch tez tibbiy yordam markazi tomonidan soat 18:47 da sodir bo‘lgan hodisa haqida xabar olingan. Unga ko‘ra, Yangiqo‘rg‘on tumani “Barkamol” mahallasida yashovchi, 1968-yilda tug‘ilgan fuqaro A.O. o‘ziga tegishli qoramollarni boshqa hududdagi yer uchastkasidan yashash uyiga olib kelayotganda, uyi oldida o‘ynab yurgan 2023-yilda tug‘ilgan R.X. va uni himoya qilmoqchi bo‘lgan onasi, 1989-yilda tug‘ilgan A.D. sigir tomonidan suzilib, tan jarohati olgan.
Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.D.ga o‘rtacha og‘ir, voyaga yetmagan R.X.ga esa yengil darajadagi tan jarohati yetkazilgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan filialidan olingan ma’lumotga ko‘ra, jabrlanganlarga uy sharoitida davolanish uchun ruxsat berilgan va hozirda ular ambulator tarzda uyda davolanmoqda.
Hozirda holat yuzasidan Yangiqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.







