Toshkent va Farg‘onada nafaqadagi ichki ishlar xodimlari profilaktik ishga qaytarilishi mumkin
Pensionerlarga xizmat evaziga pensiyalariga teng miqdorda qo‘shimcha to‘lov to‘lanadi.

Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kriminogen vaziyat murakkab bo‘lgan ayrim mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda. Shu maqsadda, ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgan va hozirda nafaqada bo‘lgan tajribali fuqarolarni profilaktika ishlari uchun jalb etish taklif etilmoqda.
Hozirda bu boradagi tegishli me’yoriy hujjat loyihasi muhokamada bo‘lib, iyul oyining oxirigacha jamoatchilik fikrini o‘rganish rejalashtirilgan. Hujjatga ko‘ra, kamida besh yillik xizmat stajiga ega bo‘lgan, obro‘-e’tibor qozongan sobiq ichki ishlar xodimlari shartnoma asosida profilaktika maslahatchisi sifatida faoliyatni qayta boshlashi mumkin bo‘ladi.
Tanlov asosida amalga oshiriladigan ushbu tashabbusda barcha ijtimoiy qatlamlarga mansub nafaqaxo‘rlar — jinsi, yoshi, dini va mulkiy holatidan qat’i nazar — ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar belgilangan bosqichlar asosida tanlab olinadi: ariza topshirish, hujjatlarni o‘rganish, suhbat o‘tkazish va yakuniy natijalarni e’lon qilish.
Maslahatchilar faoliyati eng muammoli hududlarda tashkil etiladi. Ushbu hududlar ro‘yxati Ichki ishlar vazirligi tomonidan har yili yangilab boriladi. Nomzodlarning mahalliy sharoitni yaxshi bilishi, aholiga yondashuvi, muloqot madaniyati va ilgari to‘plagan xizmat tajribasi alohida e’tiborga olinadi.
Ularning xizmatlari uchun mablag‘lar huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan ajratilishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, xizmatga jalb etilgan pensionerlarga amaldagi pensiyasining 100 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov belgilanishi rejalashtirilmoqda.







