BAA o‘zbekistonlik sayyohlar uchun haydovchilik qoidalarini soddalashtirdi
O‘zbekistonliklar endi BAAda o‘z guvohnomasi bilan mashina haydashlari mumkin.

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) sayyohlar uchun haydovchilik qoidalarini soddalashtirdi. Endi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, yana 51 davlat vakillari o‘z yurtida olingan haydovchilik guvohnomasidan foydalanib, BAA hududida transport boshqarishlari mumkin. Bu haqda Gulf News nashri xabar berdi.
Yangi tartibga ko‘ra, asosiy shart — sayyoh BAAda mehmon sifatida, ya’ni rezident vizasiz bo‘lishi va haydovchilik guvohnomasi amal qilayotgan bo‘lishi kerak.
Agar ushbu 52 mamlakatdan kelgan shaxs Amirliklarga doimiy yashash yoki ishlash uchun ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lsa, u holda mahalliy haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz olishi mumkin. Faqatgina guvohnomani almashtirish uchun 600 dirham (taxminan 160 AQSh dollari) to‘lov amalga oshiriladi, shuningdek, arab tiliga tarjima va asl guvohnomaning nusxasi talab etiladi.
Ro‘yxatda O‘zbekiston bilan birga Belarus, Ukraina, Ozarboyjon va Qirg‘iziston ham mavjud. Ammo Rossiya va Qozog‘iston fuqarolari bu yengillikdan hozircha foydalana olmaydi.
Yangi tartib haydovchilar uchun qulayliklar yaratish bilan birga, Amirliklar va O‘zbekiston o‘rtasidagi turizm va transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashi kutilmoqda.







