O'zbekiston

Bojxona qo‘mitasi tarixiy merosni haqiqiy egasiga topshirdi

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga 300 ga yaqin qadimiy tangalar va taqinchoqlarni taqdim etdi.

Bojxona qo‘mitasi tarixiy merosni haqiqiy egasiga topshirdi

Bugun Bojxona qo‘mitasida tizim xodimlari tomonidan qo‘lga kiritilgan  tarixiy-madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov иштирок etdi.

 

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 23 iyundagi PQ-3080-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha Vasiylik kengashi tarkibiga Bojxona qo‘mitasi raisi ham kiritilgan.

 

Tadbirda bojxona organlari tomonidan elimizning noyob tarixiy va madaniy boyliklarini asrab-avaylash yo‘nalishida keng ko‘lamdagi chora-ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Xususan, noyob madaniy meros namunalarining noqonuniy ravishda chetga olib chiqib ketilishini oldini olish har bir bojxona xodimining burchiga aylangani eʼtirof etildi.

 

 

Raqamlarga ko‘ra, 2024 yilda hamda joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida bojxona organlari tomonidan 299 ta huquqbuzarliklar aniqlanib, ushbu holatlar bo‘yicha 5 981 ta madaniy boyliklar noqonuniy olib o‘tilishining oldi olingan.

 

Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning qayd etishicha, xizmat faoliyatida shu vaqtga qadar ushlab qolingan ana shunday madaniy meros ashyolarini endi lozim joyga, aynan egasiga taqdim etish kerak.

 

– Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kontentini boyitish uchun  juda katta ishlar olib borilyapti. Qilinayotgan barcha ishlar O‘zbekistonning obro‘sini oshirishga qaratilgan. Qolaversa, bu Markaz xalqimiz ham o‘z tarixini tanib olishiga hissa qo‘shadigan katta maskan, ulkan ilm dargohi bo‘ladi. Nafaqat O‘zbekiston xalqiga, butun dunyoga islom dini, islom sivilizatsiyasi, unda O‘zbekistonning roli, umuman olganda tarixni namoyish etadigan, so‘z bilan to‘liq ifodalash qiyin yirik majmua dunyoga keldi.

 

Xizmat faoliyatimiz jarayonida madaniy meros ashyolarini noqonuniy olib chiqib ketilishi bilan bog‘liq har қандай holatlarning oldini olishga harakat qilamiz. Musodara qilingan narsalar albatta, amaldagi tartib va talab bo‘yicha turli muzeylarga topshirilgan. Mana endi biz Bojxona qo‘mitasi jamoasi bilan shunday fikrga keldikki, xizmat faoliyatimizda shu vaqtga qadar ushlab qolingan ana shunday madaniy meros ashyolarini lozim joyga, aynan egasiga taqdim etish kerak. Avvallari ushlab olingan madaniy meros ashyolarimiz, qadimiy sanʼat asarlarimiz turli muzeylarga topshirilgan. Lekin baʼzi  muzeylarda eksponat sifatida odamlarga namoyishga qo‘yilmagan, hatto yerto‘lalarda, sandiqlarda saqlab turilgan holatlarga ham guvoh bo‘lganmiz. Har bir to‘xtatib qolingan madaniy, tarixiy boylik zamirida bojxona xodimlarining zahmatli xizmati bor. Shu sababli ham biz ushbu madaniy boyliklar muzeylar fondida qolib ketmasdan, aynan ekspozitsiyada yurtdoshlarimiz eʼtiboriga namoyish qilinishini istaymiz.

 

 

Agar aniq raqamlarga eʼtibor beradigan bo‘lsak, o‘tgan bir yarim yilning o‘zida 299 ta qizil ro‘yxatga olingan 5981 ta madaniy boyliklarni noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini oldik.

 

Jumladan, 3055 ta qadimiy tangalar, 706 ta muomalada bo‘lmagan pul banknotlari, 1212 ta orden va medallar, 118 ta sanʼat asarlari, 46 ta haykaltaroshlik asarlari, 29 ta qadimiy kitob va qo‘lyozmalar, 3 ta arxeologik ashyolar, 14 ta qadimiy musiqa asboblari, 424 ta hunarmandchilik buyumlari, 358 ta qadimiy zargarlik buyumlari, 14 ta fotomateriallar, 1 ta arxitektura yodgorligi qismi va 1 ta qadimiy qurol-aslaha aniqlangan.

 

Bu kichkina miqdor emas. To‘g‘ri, biz bu borada mutaxassis emasmiz, ammo aminmanki, madaniy meros ashyolarining katta-kichigi bo‘lmaydi, har birining o‘z qiymati, qadri bor. Har biri tengsiz bahoga ega bo‘lishi mumkin.

 

Noqonuniy holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan 4 ta  jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 295 ta holatda esa maʼmuriy ishlar yuritilib, ko‘rib chiqish  uchun sudlarga yuborilgan.

 

Bugungi uchrashuvning maqsadi – bojxona xizmatlari tomonidan ushlab qolingan ana shunday madaniy meros ashyolarini faqat o‘z egalariga topshirilishini taʼminlashdir.

 

Shu kunlarda biz respublikamizdagi barcha muzeylarga bojxona organlari tomonidan topshirilgan madaniy va tarixiy boyliklarni qaytadan o‘rganib chiqmoqdamiz. Ularning keyingi taqdiri қандай bo‘lmoqda, ekspozitsiyada namoyish qilinyaptimi yoki yo‘qmi? Shunga qarab, qonunchilik doirasida turli muzey fondlarida qolib ketayotgan eksponatlarni saralab, eng noyoblarini Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga topshirish ustida ishlayapmiz.

 

 

Shu o‘rinda yana bir faktga to‘xtalsam: yaqindagina Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sariosiyo” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamiz hududidan 267 dona qadimiy tangalar va taqinchoqlar qismlarini noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga urinish fosh qilingan edi.

 

Ushbu ashyolarning qadimiyligi va qiymatini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 39 dona osma bezak ko‘rinishidagi kumush tangalar XIX asrda Buxoro amirligida zarb qilingan, 228 ta taqinchoq qismlari esa XIX asr oxiri va XX asr boshlariga mansub deb topildi.

 

Bu ashyolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri aynan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga topshirishni lozim topdik, - деди Bojxona qo‘mitasi raisi.

 

Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov Bojxona qo‘mitasi rahbarining ushbu tashabbusi va taklifini qo‘llab-quvvatladi. Shu o‘rinda Markaz tomonidan bugungi kunda madaniy merosimizning bu kabi nodir ashyolari o‘z vaqtida xorijga chiqib ketgani, bugungi kunda esa ayni shu bebaho durdonalar Davlatimiz rahbari tashabbusi va amaliy ko‘magida yurtimizga qaytarilayotgani borasidagi ishlar haqida to‘xtaldi.

 

– Prezidentimiz g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bugun yakuniy bosqichda. Ayni paytda bu maskanning kontentini boyitish masalasida katta ishlar olib borilyapti. Xususan, yaqinda Markaz delegatsiyasi navbatdagi xizmat safari bilan Londonda bo‘lib qaytdi. Unda Sotheby‘s va Christie‘s kabi dunyoning nufuzli auksionlarida qatnashib, yurtimizga, xalqimizga tegishli bo‘lgan 83 ta noyob ashyolar, artefaktlar qaytarildi. Bu ashyolar ichida millatimizga tegishli har xil madaniy boyliklar, chet elga chiqib ketgan, 60-70-yillar kolleksiyalari bor. Navbatdagi jarayonlar yana ham samaraliroq bo‘lishi uchun xorijdagi dilerlar bilan hamkorlik o‘rnatildi.

 

Bunday saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida Bojxona qo‘mitasi tomonidan ham ayni vaqtda va kerak paytda ko‘mak ko‘rsatish taklifi bildirilgani qimmatli tashabbus. Chunki hozir bizda kontentni shakllantirish jarayoni ketyapti. Shu maʼnoda Bojxona qo‘mitasining tashabbusini biz olqishlaymiz.

 

Haqiqatan ham biz aksariyat muzeylar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonida ko‘rdikki, juda ko‘p artefaktlar g‘aladonlarda turibdi. Agar Qo‘mita tomonidan ilgari surilgan tashabbus va taklif nuqtai nazaridan mana shu eksponatlar bilan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari boyitilsa, ularni xalqimizga, mehmonlarimizga ko‘rsatsak, nihoyatda foydali va samarali ish bo‘ladi. Bu borada Markaz tomonidan alohida Ishchi guruhi tuzilib, Bojxona qo‘mitasi taklif etayotgan eksponatlar, ashyolar katalogini tayyorlaymiz va o‘rganamiz. Chunki har bitta faktning ortida tarix bor. Tarixning ortida esa katta-katta kashfiyotlar bo‘lishi mumkin, - deb alohida taʼkidladi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari.

 

Akademik Akbar Hakimov Bojxona qo‘mitasining bu tashabbusini yuqori baholab, taqdim etilayotgan ashyolar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasiga katta tuhfa bo‘layotganini qayd etdi. Shuningdek, Londondagi nufuzli savdo uylarida o‘tkazilgan auksionlar orqali madaniy merosimizning xorijga chiqib ketgan nodir namunalarini qaytarish jarayonlari, ularning bahosi xorijda qanchalik yuqori ekanligiga to‘xtaldi. Bojxona qo‘mitasining esa madaniy merosni xorijga chiqib ketilishining oldini olish va uni aynan O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasiga topshirish tashabbusini bu boradagi yangi bosqich deya baholadi

 

Shu munosabat bilan tadbir doirasida ikkala tashkilot rahbarlari “Bojxona organlari tomonidan ushlab qolingan madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirishda o‘zaro hamkorlik қилиш to‘g‘risida” Memorandumni imzolashdi.

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Bojxona qo‘mitasi tarixiy merosni haqiqiy egasiga topshirdi | Zamon.uz