Putindan Si Szinpingacha: davlatlar yetakchilari Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabriklashmoqda
“Sizning rahnamoligingizda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan ilgarilamoqda, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynamoqda”, deyiladi tabrik maktubida.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar, parlamentlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat, din va sport arboblari, mamlakatimizning barcha hududlari va xorijdagi yurtdoshlarimizdan samimiy qutlovlar kelmoqda.
Xususan, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevlar tabrik maktublari yo‘llashgan.
“Siz xalqingiz orasida va xalqaro maydonda yuksak obro‘-eʼtiborga sazovor bo‘lgansiz. Sizning rahnamoligingizda O‘zbekiston iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan ilgarilamoqda, mintaqaviy va xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynamoqda”, deb yozadi Rossiya yetakchisi o‘z maktubida.
“Sizning davlat rahbari sifatidagi bunyodkorona faoliyatingiz O‘zbekistonning jadal rivojlanishi, uning xalqaro nufuzini mustahkamlash va fuqarolar farovonligini yuksaltirishning ishonchli poydevori bo‘ldi. Sizning oqilona va uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida mamlakat keng ko‘lamli islohotlar yo‘lidan dadil olg‘a bormoqda”, deya o‘zining samimiy tilaklarini yo‘llagan Qasim-Jomart Toqayev.
Shuningdek, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevlar Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilib, davlat rahbarini tavallud kuni bilan samimiy qutlashdi.
Ular Prezidentga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, O‘zbekistonning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lidagi davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilashgan.







