2026-yilda Butunjahon hojatxonalar tashkiloti sammiti O‘zbekistonda o‘tkazilishi kutilmoqda
Butunjahon hojatxonalar tashkiloti rahbari O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Butunjahon hojatxonalar tashkiloti (World Toilet Organization) asoschisi va direktori Jek Sim O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakatdagi sanitariya infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish, gigiyena me’yorlarini ommalashtirish va xalqaro tajriba almashishdan iborat.
Tashrif davomida delegatsiya Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari, sayyohlik maskanlari va aholi gavjum joylardagi jamoat hojatxonalari holatini o‘rgandi.
Jek Sim ta’lim muassasalari va sayyohlar gavjum joylarda zamonaviy, xavfsiz va inklyuziv hojatxonalarni loyihalashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, sanitariya infratuzilmasi barcha toifadagi foydalanuvchilar – ayollar, bolalar, keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mos bo‘lishi zarur.
Forum va uchrashuvlar chog‘ida ekologik va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Tashrif yakunida Jek Sim O‘zbekistonning bu sohada barqaror rivojlanishga erishish imkoniyati katta ekanini ta’kidladi hamda tashkilotning qo‘shma loyihalarda uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, u 2026-yilda Butunjahon hojatxonalar tashkiloti sammitini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi bilan chiqdi.







